Tabiatga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish targʻib qilinmoqda
Mamlakatimizda ekologik musaffolikni saqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, tabiatni asrab-avaylash borasida koʻpgina chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Boisi har bir jonzot, odamzotning tirikligi, hayot kechirishi tabiat bilan chambarchas bogʻliq.
Afsuslanarli jihati – qator yillar davom etgan insonlarning tabiatga notoʻgʻri munosabati oqibatida tabiiy muvozanatga putur yetdi. Natijada bugungi kunga kelib, insoniyat ekologik muammolar qurshovida qoldi, zilzilalar, yongʻin, toʻfon, suv taqchilligi, oʻsimliklar va hayvonot dunyosining turi tobora kamayib borayotgani, iqlim oʻzgarishlari va boshqa koʻplab global muammolar yuzaga keldi.
Yurtimizda ekologik muvozanat yaxshilanishi yoʻlida olib borilayotgan saʼy-harakatlar, sohaga oid qonunchilik mustahkamlanayotgani va takomillashtirilayotgani, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishga, atrof-muhitga oqilona munosabatda boʻlish, tabiiy boyliklarni kelgusi avlodga bezavol yetkazish yoʻlida chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani kelgusida albatta, oʻzining ijobiy natijalarini beradi.
Aytish joizki, ekologik muammolar faqatgina bizning yurtimizdagina emas, butun dunyoda kuzatilmoqda. Bunga qarshi kurash choralari sifatida har yili 19-sentyabrda “Butunjahon tozalik kuni” sifatida nishonlanadi. Bu kunda tabiiy barqarorlikni saqlashga xizmat qiluvchi koʻpgina tadbirlar oʻtkaziladi, fuqarolar koʻnglida tabiatga mehr uygʻotiladi va tejamkorlikka oʻrgatiladi.
Mazkur sana munosabati bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi Amudaryo tuman inspektsiyasi va “Toza hudud” davlat unitar korxonasi hamkorligida bir qator tadbirlar oʻtkazildi. Xususan aholiga mavzu yuzasidan keng tushuntirishlar olib borildi, hovli-joylarni toza-ozoda saqlash, maishiy chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlamaslik, har bir odam avvalo oʻz hovlisi, koʻchasi ozoda va obod boʻlishi uchun intilmogʻi, hovlilar fasad qismini koʻkalamzorlashtirish, mevali va manzarali daraxtlar, gullar ekib, parvarishlash lozimligi borasida targʻibot-tashviqot olib bordilar.
Shu kuni “Toza hudud” davlat unitar korxonasi ishchilari va koʻngilli aholi Mangʻit shahrining Olmazor, Boʻston mahallalari hududlarini toʻplanib qolgan chiqindilardan tozalashdi va Qipchoq koʻchasi boʻyidagi manzarali daraxtlarni oqlab, yoʻl boʻylarini obodonlashtirdilar.
Qipchoq shaharchasining daryo sohiliga yaqin hududda istiqomat qiluvchi aholi orasida chiqindilar tashlamaslik, daryo suvini iflos qilmaslik yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. Shundan keyin “Boday toʻqay” qoʻriqxonasining Amudaryo tumaniga qarashli hududida oʻrmonni qoʻriqlashga masʼul boʻlgan oʻrmonbegilari bilan suhbat oʻtkazildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi Amudaryo tuman inspektsiyasi boshligʻi Nurbek Uzoqboyev, birinchi darajali inspektori Nilufar Abdullayevalar bebaho tabiiy boylik hisoblanmish toʻqaydagi har bir nabotat, hayvonot turlarini koʻz qorachigʻiday asrash, daraxtlarni oʻtin qilish maqsadida kesib ketishlariga yoʻl qoʻymaslik lozimligi xususida gapirdilar.
Masʼullar oʻrmonbegilarni, aholini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar qaytardilar.
Oygul Rajabova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶