25-oktyabr – Ichki ishlar idoralari xodimlari kuni
Dunyoda barcha xalqlar va elatlar uchun eng ulugʻ, eng qadrli neʼmat bu tinchlikdir. Tinchlik tufayli jamiyat ravnaq topadi, ilm-fan rivojlanadi, taraqqiyot yuksaladi. Butun insoniyat saodatga erishadi. Vatanimizdagi mana shu tinchlik va osoyishtalik uchun oʻz oromi, tinchi, huzur-halovati, rohat-farogʻati, kerak boʻlsa jonidan kechayotgan, uni sharaf bilan himoya qilayotgan ichki ishlar xodimlarining bu boradagi mashaqqatli xizmatini alohida eʼtirof etish joiz.
Yurt tinchligini taʼminlayotgan ichki ishlar xodimlari jinoyatchilikka qarshi kurashish, uning oldini olish va jamoat tartibini saqlashda oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarni fidoyilik bilan bajarishmoqda. Tinchlik posbonlarining ziyrakligi, jonkuyarligi tufayli elimizda, ovul va mahallalarda fuqarolar xavfsiz, osoyishta hayot kechirmoqda.
Tuman Ichki ishlar boʻlimida 79 nafar xodim el-yurtimiz osoyishtaligini taʼminlashga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Soha xodimlarining oʻz vazifalarini masʼuliyat bilan bajarishlari natijasida ovul-mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklar sodir etilishining barvaqt oldi olinmoqda.

Tinch va osoyishta hayotning muhim jihati – bu har bir mahallani jinoyatchilikdan holi hududga aylantirish, aholi oʻrtasida jinoyatchilikka murosasiz munosabatni shakllantirish va tuman hududida jinoyatchilikni keskin kamaytirishdir. Tuman Ichki ishlar boʻlimi tomonidan ushbu maqsadni roʻyobga chiqarish maqsadida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.

Natijada tumanimizda barcha yoʻnalishlarda sodir etilgan jinoyatlar oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 14 taga, jinoyat qidiruv yoʻnalishida sodir etilgan jinoyatlar oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 24 taga kamayishiga erishildi. Undan tashqari, oʻgʻirlik, firibgarlik, ogʻir tan jarohati yetkazish jinoyatlari ham kamaytirildi. Hududlarda profilaktik tadbirlar maqsadli amalga oshirilganligi, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish idoralari, jamoatchilik institutlari bilan hamkorlikda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasidagi ishlar toʻgʻri yoʻlga qoʻyilganligi natijasida bosqinchilik, talonchilik va tovlamachilik kabi jinoyatlar sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi. Tuman hududidagi 49 ta ovul va mahalladan 22 tasida jinoyat va huquqbuzarlik umuman qayd etilmadi.
El-yurt tinchligi, osuda hayot uchun oʻz oromidan kechib xizmat qilayotgan ichki ishlar xodimlari eʼtiborga, eʼzozu hurmatga loyiqdir. Oʻz xizmat burchini sharaf bilan ado etayotgan tinchligimiz posbonlarini 25-oktyabr – kasb bayrami bilan muborakbod etamiz!

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶