ChEVAR QIZLAR USTOZI
Tabiat har bir insonga qobiliyat, isteʼdod ato etadi. U vaqtida berilgan toʻgʻri tarbiya, rivojlantirish, intilish orqali yuzaga chiqadi. Isteʼdodni oʻz vaqtida ilgʻab, shakllantirishga koʻmak beradigan, kasb va hunarga yoʻnaltirib, hayotda yoʻl koʻrsatadigan ulugʻ zot esa ustozdir.
Bugungi kunda tumandagi “Barkamol avlod” bolalar badiiy ijodiyot markazida 1152 nafar oʻquvchi fidoyi ustozlardan kasb-hunarning boshlangʻich sirlarini oʻrganmoqda va oʻz qobiliyatlarini rivojlantirmoqda.
Markazda “Badiiy ijodiyot” yoʻnalishida oʻquvchilarga toʻqish va bichish-tikish hunarini oʻrgatib kelayotgan Gulasal Allamberganova eng masʼuliyatli toʻgarak rahbarlaridan hisoblanadi. Oʻz kasbining jonkuyari boʻlgan qahramonimizning bu sohada faoliyat boshlaganiga 30-yil boʻldi. U 1986-yilda Qarshi shahridagi Pedagogika bilim yurtini tugatib, Taxiatosh shahridagi 9-sonli maktabda yoʻllanma bilan ilk ish boshlagan kunidanoq oʻquvchilariga chin dildan mehr berdi.
Maktab oʻquvchilariga darslarda mehnatning foydali jihatlarini oʻrgatib, kichik yoshdan kasb-hunarga yoʻnaltirdi. Gulasal Allamberganova keyinchalik tumandagi umumtaʼlim maktablarida pedagogik faoliyatini davom ettirdi. “Barkamol avlod” bolalar badiiy ijodiyot markazida esa 2012-yildan ishlay boshladi.
Toʻgarakda har yili 40-50 nafardan ziyod qizlar hunar oʻrganishadi. Dastlabki mashgʻulotlarda toʻqish va tikish, bichish asboblaridan foydalanish, keyinchalik xom-ashyolarning turi, sifatiga qarab tanlash, ishlatish oʻrgatiladi. Shundan soʻng ular turli kiyim-kechaklar toʻqish va tikish, oddiy sintetik iplardan roʻzgʻorda foydalaniladigan buyumlar tayyorlashni oʻrganib olishadi.
Gulasal opa kabi jonkuyar, fidoyi ustozlar tufayli inson hayotda oʻz oʻrnini topa oladi, qadr-qimmatga ega boʻladi. Erishilgan neki yutuq, muvaffaqiyat boʻlsa, barchasida ularning hissasi bor. Ustoz va murabbiylar shu boisdan yuksak ehtiromga loyiq insonlardir.
O.Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶